«Halfato‘pi» aholisi xonadonlariga obi hayot kirib bordi
Bugun Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani «Halfato‘pi» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi muvaffaqiyatli nihoyasiga yetkazilib, yangi ichimlik suvi tarmog‘i ishga tushirildi.
Olis hududlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash ijtimoiy buyurtma loyihasi doirasida «Taraqqiyot» nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi buyurtmasi asosida hududda amalga oshirilgan ishlar natijasida vujudga kelgan inshoot va ichimlik suvi tarmog‘ini ishga tushirilishi marosimida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vakillari, «Taraqqiyot» NNT hamda pudratchi tashkilot mas’ullari, mahalla va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Loyiha to‘laqonli nihoyasiga yetkazilishi bilan ushbu hududga jami 14900 metr uzunlikdagi tarmoq tortilib, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Marosimga yig‘ilgan mahalla nuroniy oqsoqollari bugungi quvonchli kun uchun Yaratganga shukrona keltirib, yurtimiz tinchligini so‘rab duoga qo‘l ochishdi.